Uch avlod uchrashuvi

Ustoz shogirdlik an’anasi kasbga fidoiylarni, haqiqiy professional kadrlarni tayyorlash maktabidir. Samarqand viloyat sudida uch avlod uchrashuvi tashkil etildi. Tadbirda pensiyadagi faxriylar, bugungi kunda faoliyat ko’rsatayotgan sudyalar va yosh avlod bo’lmish sud xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir xushxabar bilan boshlandi. Viloyatimizda yana to’rtta pensiya yoshidagi sudya va sud xodimlariga “O’zbekiston sud faxriysi” guvohnomasi taqdim etildi.
Shu munosabat bilan mazkur uch avlod uchrashuvida guvohnomalar o’z sohiblariga shogirdlar ishtirokida tantanali ravishda topshirildi.
Viloyat sudi raisi O. Hayitov tadbirni kirish so’zi bilan ochib, ustozlarni yuksak e’tirof bilan tabrikladi. Ularning sharafli mehnat faoliyati haqida so’z yuritib, bugungi kunda ham shogirdlarga yo’l-yo’riq ko’rsatib katta ko’mak berishayotganlarini ta’kidladi.
Shundan so’ng, bugun pensiyada keksalik gashtini surayotgan Gulnora Bahriyeva va Shoista Jalilova hamda viloyat sudi sudyasi Muhiddin To’xtayev, fuqarolik ishlari bo’yicha Samarqand shahar sudi raisi To’lqin Usmonovga O’zbekiston sud tizimi faxriylar markazining “O’zbekiston sud faxriysi” guvohnomasi, shuningdek kitoblar jamlanmasi va gullar tantanali ravishda topshirildi.- 1976 yilda o’qishni tugatib, Samarqand tuman sudiga ishga kelganman. Shu bilan roppa rosa qirq yil uzluksiz ishlab, 2016 yilda yorug’ yuz bilan pensiyaga chiqdim, – dedi sud faxriysi Shoista Jalilova. – Biz ishlagan davrlarda hozirgidek sharoitlar bo’lmagan. Bino eski, zax, qishda sovuq bo’lardi. Jihozlar ham, sharoitlar ham haminqadar edi. Lekin biz kasbimizni sevganimizdan hech qachon nolimaganmiz, sadoqat bilan, fidoyilik bilan ishlaganmiz. Chunki sud shunday nufuzli organ, unga sodiq bo’lish kerak, loyiq bo’lish kerak. Bugungi bu shart-sharoitlarni, sudьyalarga bo’lgan e’tiborni qadriga yetib, har qancha fidokorlik bilan, sadoqat bilan ishlasangizlar arziydi. Biz keksalarga berilgan e’tibor uchun Prezidentimizga, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashiga hamda viloyat sudi rahbariyatiga cheksiz minnatdorchilik bildiramiz.
Tadbirda viloyat sudi Faxriylar kengashi raisi I. Saidov, viloyat sudi sudyalari so’zga chiqib faxriylarni qutladilar. Yosh xodimlarga nasihat qilib, omadlar tiladi. Bugun yurtimizda mazkur sohada ro’yobga chiqarilayotgan o’zgarishlarning mohiyati va ahamiyati haqida alohida to’xtalib o’tdilar.
Tadbir juda samimiy va ko’tarinki ruhda o’tdi. Yosh avlod vakillari ustozlar yo’lidan borib, shunday ulug’ e’tirofga loyiq bo’lishni niyat qilishdi.