Endi sud qarorini bajarmagan hokim jarima to’laydi. Takroran ijro qilinmasa oshirilgan jarima qo’llanadi.

Oddiy odamlar va tadbirkorlar manfaatlari hokimliklar (istalgan boshqaruv organi bo’lishi mumkin) bilan kesishganda, bu masala endi to’liq ma’muriy sudlarda ko’riladi.

Ma’muriy sud hokimiyatni ziyoniga hal qiluv qarori chiqarsa va uni ijrosi kechiksa, hokim yoki tashkilot rahbariga jarima qo’llaniladi. Shunda ham sud qarori ijrosi paysalga solinsa, mutasaddi davlatga yanayam ko’proq to’lab qo’yishiga to’g’ri keladi.

Bu tartibni joriy qilish Prezident tomonidan yaqinda imzolagan qarorda belgilangan. Hujjatda avvalo, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlashga e’tibor qaratilgan. Bu vazifa davlat organlari bilan munosabatlarda amalga oshirilishi uchun zarur chora-tadbirlar belgilangan.

Ushbu hujjat mohiyatini to’la tushunish uchun unda qayd etilgan atama va terminlarning mazmunini tushunib olish zarur. Jumladan, qarorda 8 ta o’rinda “ommaviy-huquqiy munosabat” jumlasi qo’llanilgan.

Ilmiy adabiyotlarda ommaviy-huquqiy munosabatlarning asosiy xususiyati sifatida unda ishtirok etuvchi tomonlarning biri davlat hokimiyati sub’ekti bo’lishi aytiladi. Demak, fuqaro yoki tadbirkorning huquqlari hokimiyat vakolatiga ega bo’lgan sub’ektlar tomonidan buzilishga yo’l qo’yilmasligi kerak.

Qarorda bu vazifani ma’muriy sudlar bajarishi kerakligi belgilangan.

Ommaviy-huquqiy nizolarning o’ziga xos xususiyati shundaki, ushbu nizoli munosabat ishtirokchilari huquqiy jihatdan teng emas. Shu jihatdan, qaror bilan ommaviy huquqiy nizolarni hal etishning maxsus tartibi joriy etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Ya’ni, hozirda fuqarolik ishlari bo’yicha hamda iqtisodiy sudlar tomonidan ko’rilayotgan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan barcha ishlarni ma’muriy sudlar taalluqliligiga o’tkazish ko’zda tutilgan.

Endi ma’muriy sudlarning ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo’yicha hal qiluv qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalarini qo’llash tartibi joriy qilinadi.

Xo’sh, bu nima degani? Aksariyat hollarda davlat idoralari tomonidan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektining huquqlari buziladi. Albatta, da’vo asosida bu holatga sud tomonidan huquqiy baho berilib, hokimiyat vakolatiga ega bo’lgan sub’ektga muayyan vazifa yuklatiladi. Biroq ayrim hollarda turli sabablarga ko’ra sud hujjati ijro etilmaydi. Bundan fuqaro yoki tadbirkor aziyat chekmasligi kerak. Ommaviy-huquqiy munosabatlar bo’yicha sud qarorlari ijro etilmadimi, u qaysi idora rahbari bo’lishidan qat’iy nazar sud jarima qo’llaydi.

Albatta, qarorda inson qadrini ulug’lashga qaratilgan bu kabi yana bir qator o’zgarishlar belgilangan. Misol uchun, sud ostonasiga ariza yoki shikoyat bilan borgan inson endi sarson bo’lmaydi. Negaki, sudlar tomonidan da’vo arizasi, ariza hamda shikoyatni sudga taalluqli bo’lmaganligi sababli qabul qilishni rad etish yoki ish bo’yicha ish yuritishni tugatish taqiqlanyapti. Bunda da’vo arizasi, ariza, shikoyat yoki ish ularni ko’rib chiqishga vakolatli sudga o’tkaziladi.

Qayd etilganlarni amalda ro’yobga chiqarish uchun, “O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to’g’risidagi kodeksiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

 

                                                                                                        Bekzod IBRAGIMOV,
                                                       Samarqand tumanlararo ma’muriy sudi sudьyasi.